JavaScript — yuqori darajadagi dasturlash tili bo‘lib, zamonaviy veb-ilovalarning asosiy komponentlaridan biriga aylangan. Hozirgi zamonaviy brauzerlarning barchasida brauzer ichida JavaScript kodini bajara oladigan JavaScript engine mavjud.
Brauzer serverdan HTML’ni o‘z ichiga olgan HTTP javobini qabul qilganda, u sahifaning DOM daraxtini (ya’ni ichki tuzilmasini) yaratib, uni ko‘rsatadi. DOM (Document Object Model) sahifa bilan bog‘liq bo‘lgan barcha formalar, input maydonlari, tasvirlar va boshqa elementlarni o‘z ichiga oladi.
JavaScript’ning roli — sahifaning DOM’iga kirish va uni o‘zgartirishdir. Bu esa foydalanuvchi uchun interaktiv va dinamika yuqori bo‘lgan tajribani taqdim etadi. Biroq, hujumchining nuqtayi nazaridan qaralganda, agar biz JavaScript kodini ilovaga kiritishni uddalay olsak, sahifaning DOM’iga kirish va uni o‘zgartirish imkonini ham qo‘lga kiritamiz. DOM’ga kirgan holda, login formalarini boshqa sahifaga yo‘naltirish, parollarni ajratib olish va sessiya cookie’larini o‘g‘irlash mumkin.
Ko‘pgina boshqa dasturlash tillaridagi kabi, JavaScript’da ham buyruqlar to‘plamini funksiya ko‘rinishida jamlash mumkin.
function multiplyValues(x,y) {
return x * y;
}
let a = multiplyValues(3, 5)
console.log(a)
Listing 22 – Oddiy JavaScript funksiyasi
Yuqoridagi 22-listingda biz 1–3-satrlarda multiplyValues nomli funksiyani e’lon qildik, u ikkita butun sonni parametr sifatida qabul qiladi va ularning ko‘paytmasini qaytaradi.
5-satrda biz ushbu multiplyValues funksiyasini 3 va 5 sonlarini parametr sifatida uzatgan holda chaqiryapmiz va uning natijasini a nomli o‘zgaruvchiga yuklayapmiz.
JavaScript — loosely typed (erkin tiplangan) til bo‘lganligi sababli, a o‘zgaruvchining tipini aniq ko‘rsatishimiz shart emas.
Funksiya argumentlari Number tipida bo‘lgani uchun, a ham avtomatik ravishda Number tipida belgilanadi. So‘nggi bosqichda, 6-satrda biz a qiymatini konsolga chiqaramiz.
Bu kodni Firefox brauzerida sinab ko‘rish uchun about:blank sahifasini ochamiz — bu orqali boshqa kutubxonalar yoki sahifa elementlari xalaqit qilmaydi.
Blank sahifa ochilgach, Firefox menyusidagi Web Developer ostidagi Web Console bo‘limiga kiramiz yoki Ctrl+Shift+K tugmalar birikmasidan foydalanamiz.

25-rasm: JavaScript funksiyasini brauzer konsolida sinab ko‘rish
Konsol orqali test funksiyamizni ishga tushirib, natijani ko‘rishimiz mumkin.
Qiymatlarni brauzer konsoliga chiqarish — JavaScript kodini tahlil qilish vaqtida juda foydali bo‘lgan debugging texnikalarimizga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan usullardan biridir.
Manbalar: